» » » Omborxonalarni jihozlash uchun subsidiya olishning elektron tizimi yaratildi

Omborxonalarni jihozlash uchun subsidiya olishning elektron tizimi yaratildi

12 сентябрь 2022, Понедельник
11
0

Qishloq xo‘jaligida aholi bandligini ta’minlash hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishini rag‘batlantirish maqsadida kooperatsiya asosida ish tashkil etgan tadbirkorlik sub’ektlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning turli yo‘nalishlari qo‘llanilmoqda. Bu yo‘nalishda 2022 yildan boshlab davlat tomonidan tomorqa yer egalari bilan kooperatsiya asosida ish tashkil etgan tadbirkorlik sub’ektlariga omborxonalarni jihozlash, quritish, saralash va qadoqlash uskunalarini xarid qilganda xarajatlarning bir qismini subsidiya hisobidan qoplab berish tizimi joriy etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 dekabrdagi «Tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» qaroriga ko‘ra, tomorqada yetishtirilgan mahsulotlarni kafolatli xarid qilish maqsadida tashkil etiladigan kooperatsiyalarga omborxonalarni jihozlash, quritish, saralash va qadoqlash uskunalari keltirish jarayonini subsidiya ajratish orqali qo‘llab-quvvatlash belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi «Tomorqa xo‘jaliklarida yetishtirilgan mahsulotlarni kafolatli xarid qilish tizimini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi qarori bilan nizom tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 2022 yildan tomorqa yer egalari bilan kooperatsiya asosida ish tashkil etgan tadbirkorlik sub’ektlariga omborxonalarni jihozlash, quritish, saralash va qadoqlash uskunalari xarid qilish xarajatlarining 30 foizi miqdorida, biroq 150 million so‘mdan ortiq bo‘lmagan hajmda subsidiya berilishi belgilandi.
Kooperatsiya asosida ish tashkil etgan tadbirkorlik sub’ektlari – tomorqa yer egalari bilan tomorqada yetishtirilgan mahsulotlarni kafolatli xarid qilish, ularga turli tomorqa xizmatlarini ko‘rsatish uchun ixtiyoriylik asosida tuzilgan shartnomaga muvofiq hamkorlikda ish tashkil etgan tadbirkorlik sub’ektlari (qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchi kooperativlari, «Tomorqa xizmati» MCHJlar va boshqalar) hisoblanadi.
Yuqorida keltirilgan Nizom talablariga muvofiq omborxonalarni jihozlash, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini quritish, saralash va qadoqlash uskunalarini xarid qilish xarajatlarining bir qismiga subsidiya olish uchun tadbirkorlik sub’ektlari:
  • davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik to‘g‘risidagi guvohnomaga ega bo‘lgan;
  • tomorqa yer egalari bilan kooperatsiya asosida ish tashkil etgan;
faoliyatini samarali amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan egalik yoki boshqa mulkiy huquq, shuningdek, ijara huquqi asosida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga javob beradigan ishlab chiqarish bino va inshootlariga hamda zarur texnik-texnologik vositalarga ega bo‘lishi;
omborxonalarni jihozlash, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini quritish, saralash va qadoqlash uskunalari talabgor tomonidan manzilli ro‘yxatga kiritish uchun ariza berilgan sanadan keyin xarid qilingan;
omborxonalarni jihozlash, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini quritish, saralash va qadoqlash uskunalarining xaridi bo‘yicha tuzilgan shartnomalar O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi «Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi» DUK tomonidan ekspertizadan o‘tkazilgan bo‘lishi lozim.
Nizom talabiga ko‘ra belgilangan tartibda tomorqa yer egalari bilan tomorqada yetishtirilgan mahsulotlarni kafolatli xaridini tashkil etib, respublika hududida kooperatsiya asosida ish tashkil qilgan manzilli ro‘yxatga kiritilgan tadbirkorlik sub’ektlari, «Tomorqa xizmati» MCHJlar subsidiya oluvchilar bo‘lishi mumkin. Bunda talabgor manzilli ro‘yxatga kirish hamda subsidiya mablag‘larini olishda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) yoki bevosita Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi «Agrosanoatni raqamlashtirish markazi» davlat muassasasining «Agrosubsidiya» axborot tizimidan foydalanishi mumkin.
Joriy yilda hududlardan tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari tomonidan taqdim etilgan tashabbuskor tadbirkorlik sub’ektlarining ro‘yxatiga ko‘ra jami 35 ta talabgorlarning manzilli ro‘yxatlari shakllantirildi. Mazkur manzilli ro‘yxatga muvofiq, tomorqa yer egalari bilan kooperatsiya asosida ish tashkil etgan talabgorlarga omborxonalarni jihozlash, shuningdek, quritish, saralash va qadoqlash uskunalari xarid qilish uchun talab etiladigan jami mablag‘ 25,21 mlrd.so‘m, shundan o‘z mablag‘lari hisobidan 19,86 mlrd.so‘m, subsidiya hisobidan 5,25 mlrd.so‘m ajratilishi belgilandi.
Endilikda talabgorlarga «Agrosubsidiya» axborot tizimi (agrosubsidiya.uz) orqali tomorqa yer egalari bilan kooperatsiya asosida ish tashkil etgan tadbirkorlik sub’ektlariga omborxonalarni jihozlash, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini quritish, saralash, va qadoqlash uskunalarini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyaga ariza qoldirish imkoniyati yaratildi.
Manzilli ro‘yxatiga kiritilgan talabgorlar subsidiya olish bo‘yicha arizani ushbu Nizomga 4-ilovaga muvofiq shaklda to‘ldirgan holda, YAIDXP yoki «Agrosubsidiya» AT orqali tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga elektron shaklda yuboradi.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
  • omborxonalarni jihozlash, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini quritish, saralash va qadoqlash uskunalarini xarid qilinganligini tasdiqlovchi hujjat (tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi va to‘lov topshiriqnomasi) nusxasi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi «Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi» DUK xulosasi.
2022 — 2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan tomorqa yer egalari bilan kooperatsiya asosida ish tashkil etgan tadbirkorlik sub’ektlariga 4 ta yo‘nalish bo‘yicha, jumladan, omborxonalarni jihozlash, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini quritish, saralash va qadoqlash uskunalarini xarid qilish xarajatlarining 30 foizi miqdorida, biroq 150 million so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda subsidiya ajratiladi.
Mazkur subsidiya ajratish bo‘yicha imtiyozning qo‘llanilishi tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish va unda yetishtirilgan mahsulotlarni kafolatli xaridini ta’minlashga, kooperatsiya asosida ish tashkil etgan tadbirkorlik sub’ektlarining tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga, shuningdek tadbirkorlik sub’ektlarining omborxonalarini jihozlash, quritish, saralash va qadoqlash uskunalari xarid qilishni rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek subsidiya ajratilishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri «Agrosubsidiya» axborot tizimi orqali amalga oshirilishi inson omilining aralashmasligiga, korrupsiya holatlarini oldini olishga ham xizmat qiladi.

Ишонч телефонлари

  • Тел: 79 223-81-39

Бошқарма билан боғланиш

  • Тел: 79 223-81-39
  • Факс: 79 223-80-25
  • E-mail: info@naveconomy.uz
  • 210100, Навоий, Навоий кўчаси 30а уй
© 2019 Навоий вилояти Иқтисодий тараққиёт ва камбағалликни қисқартириш бош бошқармаси